Главная » 2014 » Январь » 31 »
16:24

Sovuq kunlarda o‘zaro yordamga chaqiramiz

Ijtimoiy tarmoqlar orqali muloqotlar rivojlangan bugungi kunimizda Facebook tarmog‘idagi o‘zbekcha sahifalar ham son va sifat jihatidan yaxshilanib bormoqda. Bugun shulardan biri – Only in Uzbekistan sahifasining kishilarni o‘zaro yordamga, mehr-oqibatga chorlovchi posti va unga javoban yurtdoshlarimiz tomonidan yozilgan ayrim izohlar bilan tanishtirmoqchimiz. 

Do‘stlar, bilasizki, yaqin kunlarda qattiq sovuq bo‘ladi! O‘shanda bekatlarda, ayniqsa, kechqurun va ertalab (tig‘iz paytlarda) yo‘nalishli taksilar to‘lib o‘tayotganligi yoki umuman kelmayotganligi bois uyiga yoxud ishxonasiga ketolmay turgan kishilarni ko‘ramiz. Bunday qahratonda esa hatto 10-15 daqiqalik kutish ham naq mangulikdek tuyiladi kishiga…

Agar o‘z mashinangizda ishxonangizga yoki yumushlaringiz bilan biron joyga ketayotgan bo‘lsangiz, o‘sha kishilar yonida to‘xtang, yo‘lingiz bir bo‘lsa, eltib qo‘ying. Bunday qilish siz uchun mashaqqatli ish emas, ammo sovqotgan kishi uchun beqiyos yordamdir. Keling, mehribonroq bo‘laylik, bir-birimizga yordam beraylik! Axir, bugun siz kimgadir ko‘maklashsangiz, ertaga sizga kutilmagan bir joydan yordam keladi! 

Bu postni boshqalar bilan ham baham ko‘ring, xayrli ish qiluvchilar ko‘paysin! 

Sahifa muxlislariga bu so‘zlar chindan ham yoqqani, kishilar bu xayrli ishga bosh qo‘shayotgani postga 770 dan ortiq kishi "Like” qo‘yganidan ham ma’lum. Uni o‘z profilida yoki guruhlarda boshqalar bilan baham ko‘rganlar soni esa 300 ga yaqin! 

Mazkur postga yozilgan izohlardan ko‘pchiligida unga xayrixohlik aks etgan bo‘lsa, ayrimlarida hazil ohangi bor. Dastlab bir-ikki kishi metroda ketishini yozgan, keyin boshqa birov metro bormaydigan joylar ham borligini eslatib, post yaxshi ekanini ta’kidlagan. Sahifaning yana bir muxlisi hazilnamo izoh qoldirgan: "Aksincha bo‘lib, piyodalar mashinalarni itarishga yordam berib yurishmasaydi hali”. 

Yurtdoshlarimizdan biri bunaqa sharoitda yo‘llarda tiqilinch hosil qilmaslikka chaqirgan. Yana biri esa yarim hazil qilib: "Men-ku, yo‘limiz bitta bo‘lsa olti kishini eltib qo‘yishgayam tayyorman, ammo DAN xodimlari buni tushunishmaydi-da, jarimalar qandayligini esa haydovchilar yaxshi bilishadi”, — deb yozgan. 

Xullas, ba’zi o‘rinlarda qizg‘in bahslar bo‘lsa-da, aslida hammaning ko‘nglida shu yaxshi niyat: bir-birimizga yordam beraylik!

Категория: Dunyo xabarlari | Просмотров: 744 | Добавил: Admin | Рейтинг: 0.0/0
Всего комментариев: 0
Добавлять комментарии могут только зарегистрированные пользователи.
[ Регистрация | Вход ]